Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Industriya

Alpine Linuxʼda SSH orqali kirishni chetlab oʻtish imkonini beruvchi zaiflik aniqlandi — tuzatish allaqachon chiqarilgan

Zaiflik ayrim hisob qaydnomalariga parolni bilmasdan kirish imkonini beradi. U musl kutubxonasi ishlatiladigan va PAM qoʻllab-quvvatlashi oʻchirilgan OpenSSHʼning muayyan konfiguratsiyalariga taalluqli.

6-noyabr, 15:48По-русски

Read in English

commons.wikimedia.org — NOIRLab/NSF/AURA/T. Slovinský

Alpine Linux ishlab chiquvchilari *sshole deb nomlangan autentifikatsiyani chetlab oʻtish zaifligi haqida ogohlantirdi. Hujum uchun SSH-serverga tarmoq orqali kirish imkoniyati zarur, biroq muammo faqat bir nechta shart bir vaqtda bajarilganda yuzaga keladi.

Zaif tizimda musl kutubxonasi qoʻllanilishi va PAM — foydalanuvchilarni tekshirish mexanizmi — faol qoʻllab-quvvatlanmaydigan OpenSSH ishlatilishi kerak. Shuningdek, parol orqali kirishga ruxsat berilgan va parollarni saqlash sozlamalari muayyan tarzda oʻrnatilgan hisob qaydnomalari mavjud boʻlishi lozim.

Alpine maʼlumotiga koʻra, bunday sharoitlar birikmasida tajovuzkor mos keladigan hisob qaydnomasiga uning parolini bilmasdan kirishi mumkin. Administrator huquqlarini qoʻlga kiritish esa ushbu qaydnomaning vakolatlariga bogʻliq. OpenSSHʼning root foydalanuvchisi uchun parol orqali kirishni taqiqlovchi standart sozlamasi bu hisob qaydnomasiga toʻgʻridan-toʻgʻri kirishdan himoya qiladi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Muammo Alpineʼning barcha oʻrnatmalariga yoki uning asosidagi konteynerlarga avtomatik ravishda taalluqli emas. Jumladan, ishga tushirilgan SSH-serveri boʻlmagan konteynerlar bu hujumga zaif emas.

Tuzatishlar OpenSSH 10.6p2 va Alpine paketlarida chiqarildi. Ishlab chiquvchilar taʼkidlashicha, yangilagandan keyin sshd xizmatini qayta ishga tushirish kerak — paketni shunchaki oʻrnatishning oʻzi yetarli emas. Vaqtinchalik chora sifatida SSH kaliti orqali kirish ishlashi tekshirilgach, parol orqali autentifikatsiyani oʻchirib qoʻyish mumkin.

Muammoning boshqa distributivlarda mavjudligi ishlatilayotgan komponentlar va konfiguratsiyaga bogʻliq.

Yana oʻqing