Grenadier yigʻilgan Fransiyadagi zavod BYD tasarrufiga oʻtishi mumkin
BYD Fransiyadagi Ineos Automotive zavodini sotib olish boʻyicha eksklyuziv muzokaralarga kirishdi. Egasi oʻzgargan taqdirda, oʻrta muddatli istiqbolda Grenadier va Quartermaster shu yerda ishlab chiqarishda davom etadi.

Gap Ineos Mercedes-Benz kompaniyasidan sotib olib, ramali yoʻltanlamas avtomobil ishlab chiqarishga moslashtirgan Ambashe shahridagi maydon haqida bormoqda. Grenadierʼning seriyali ishlab chiqarilishi u yerda 2022 yilda boshlangan, zavodning hisoblangan quvvati yiliga qariyb 30 000 ta avtomobilni tashkil etadi.
Ineos Grenadier ishlab chiqarishini AQShga koʻchirishni rejalashtirmoqda: model savdosining qariyb 70 foizi shu mamlakat hissasiga toʻgʻri keladi. Kompaniya AQShdagi yigʻishni 2028 yilda yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan. Fransiyadagi korxonani sotish faqat xodimlar vakillari bilan maslahatlashuvlardan keyin amalga oshirilishi mumkin.
BYD hozircha Ambasheda qaysi modellarni ishlab chiqarishi, ishlab chiqarish qachon boshlanishi va qancha xodimni saqlab qolishi haqida maʼlum qilmadi. Hozir Grenadier va Quartermaster pikapi Fransiyadan joʻnatilmoqda; AQSh chegarasida ularga mos ravishda 15% va 25% boj stavkalari qoʻllanadi.
BYD uchun Fransiyadagi zavod xitoy elektromobillariga joriy etilgan tariflar, gibrid avtomobillar uchun kvotalar va «Made in Europe» talablari fonida Yevropa bozoriga kirishni osonlashtirishi mumkin. Vengriyada kompaniya seriyali ishlab chiqarishni 2027 yil boshida boshlashi va yiliga 150 000 dan ortiq avtomobil ishlab chiqarishi kerak boʻlgan korxona qurmoqda.





