Google maxfiy hisoblash va uzun kontekstlar uchun TPU qatorini kengaytirdi
TPU 8tx tizimi qayta ishlash jarayonida maʼlumotlar va modellar parametrlarini himoya qiladi. TPU 8i Maxʼda Google bitta modulga ikkita chipni birlashtirdi va HBM xotirasining oʻtkazuvchanligini TPU 8i bilan taqqoslaganda ikki baravar oshirdi.

Google 9 noyabr kuni sakkizinchi avlod tensor protsessorlari asosidagi ikki tizim — TPU 8tx va TPU 8i Maxʼni taqdim etdi. Ular aprel oyida eʼlon qilingan, yirik modellarni oʻqitish uchun moʻljallangan TPU 8t hamda modellarni past kechikish bilan ishga tushirishga moʻljallangan TPU 8i qatorini toʻldirdi.
TPU 8txʼda TPU 8t bilan bir xil chiplar beshinchi avlod AMD EPYC server protsessorlari bilan birgalikda ishlatiladi. Google maʼlumotlariga koʻra, apparat darajasidagi himoya maxfiy maʼlumotlar va modellar ogʻirliklarini hatto hisoblash jarayonida ham izolyatsiya qiladi. Bitta klasterda yopiq maʼlumotlar asosida modellarni ishga tushirish va qoʻshimcha oʻqitish, yirik modellardan bilimlarni ixchamroq modellarga oʻtkazish hamda mustahkamlovchi oʻqitish asosida AI-agentlarni tayyorlash mumkin.
TPU 8txʼda maʼlumot almashish uchun Boardfly tarmogʻidan foydalaniladi. Googleʼning taʼkidlashicha, u apparat himoyasining unumdorlikka taʼsiri minimal boʻlgan holda, TPU 8t bilan taqqoslaganda kechikishni ikki baravargacha kamaytirish imkonini beradi.
TPU 8i Max bitta modulda ikkita TPU 8i chipini birlashtiradi. TPU 8i bilan taqqoslaganda, yangi konfiguratsiya hisoblash resurslari, oʻrnatilgan SRAM xotirasi hajmi va HBM oʻtkazuvchanligini ikki baravar oshiradi. Google uni modellar katta hajmdagi maʼlumotni bir vaqtning oʻzida hisobga olishi kerak boʻlgan vazifalar, masalan, butun kod bazasi yoki bir necha soatlik videoni qayta ishlash uchun moʻljallagan. Server shkafi oʻlchamlari oʻzgarmagan holda chiplar sonini ikki baravar oshirish ayni maydonda koʻproq hisoblash resurslarini joylashtirish imkonini beradi.
Google, shuningdek, TPU Agentʼning dastlabki versiyasini taqdim etdi. Ushbu vositalar toʻplami Claude Code, Cursor va Google Antigravity bilan integratsiyalashadi hamda akseleratorlar bilan ishlashni sozlash, tor boʻgʻinlarni aniqlash va hisoblash yadrolarini optimallashtirishga yordam beradi. Modellarni joylashtirish uchun kompaniya ochiq XLA Serving Engineʼni taklif qilmoqda: u modellarni C++ muhitida TPU, GPU va CPUʼda ishga tushirish imkonini beradi.





