96 GB videoxotirali GeForce RTX 5090 sotuvga chiqdi
Xitoy platformasida 96 GB GDDR7 xotirali modifikatsiyalangan GeForce RTX 5090 haqidagi eʼlon paydo boʻldi — bu standart hajmdan uch baravar koʻp.

Videokarta faqat tayyor kompyuter tarkibida taklif qilinmoqda va sotuvchining taʼkidlashicha, faqat korporativ mijozlar uchun moʻljallangan. Koʻrsatilgan narx shartli: potensial xaridorlarga sotuvchi bilan bevosita bogʻlanib, maxfiylik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash taklif etilmoqda.
Plata suratida GB202-300-A1 grafik protsessori va har biri 3 GB sigʻimli Samsung GDDR7 mikrosxemalari koʻrinadi. Suratdagi oʻrnatilgan toʻplam 48 GB xotira beradi, shuning uchun daʼvo qilingan hajmga erishish uchun qoʻshimcha mikrosxemalar koʻrsatilmagan plataning orqa tomonida joylashgan boʻlishi kerak.
Videokartalarni taʼmirlash boʻyicha rossiyalik mutaxassis, VIK-on taxallusi bilan tanilgan Viktor Veklich, bunday qayta ishlash texnik jihatdan mumkin deb hisoblaydi. Uning versiyasiga koʻra, asos sifatida 96 GB GDDR7 xotiraga moʻljallangan Nvidia RTX PRO 6000 Blackwell Max-Q professional tezlatkichining platasi ishlatilgan boʻlishi mumkin. U moslashtirishdagi asosiy muammo plata ishlab chiqarish emas, oʻzgartirilgan VBIOS proshivkasini sozlash ekanini aytdi.
Suratdagi markirovka grafik protsessor 2025 yilning 32-haftasida ishlab chiqarilganini koʻrsatadi. Bu chip oddiy chakana RTX 5090 videokartasidan olingan boʻlishi mumkinligini anglatadi. Avvalroq Xitoy ustaxonalari Nvidiaʼning oʻyin videokartalaridan grafik protsessorlar va xotira mikrosxemalarini boshqa platalarga koʻchirayotgani haqida xabarlar paydo boʻlgan edi.





