Honorʼning navbatdagi avtonomlik monstri: 13 300 mA·soatli smartfon sertifikatlandi
Xitoyda Honorʼning 13 300 mA·soatlik batareyasi sertifikatlandi. Insayderlarga koʻra, u taxminan 7 dyuymli boʻlajak smartfonga oʻrnatilishi mumkin.

3C sertifikati 2026-yil 6-noyabrda berilgan. Hujjatda batareya 3,72 V nominal kuchlanishga moʻljallangani, uning energiya sigʻimi esa 49,48 Vt·soat ekani koʻrsatilgan.
Avvalroq Digital Chat Station insayderi batareyaning sinov tariqasida ishlab chiqarilayotgani haqida xabar bergan edi. Taxminlarga koʻra, u oʻrta toifadagi smartfon uchun moʻljallangan. Mumkin boʻlgan modellar qatorida Honor Power 3 va X90 Pro Max tilga olinmoqda, biroq kompaniya batareya qaysi qurilmaga oʻrnatilishini hozircha tasdiqlamadi.
Honor allaqachon katta sigʻimli batareyalarga ega smartfonlar, jumladan Power 2, X80 Pro Max va Win turkumidagi modellarni ishlab chiqarmoqda. Bundan tashqari, kompaniya 2027-yilda yanada katta sigʻimli batareyani ishlab chiqish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.





