OpenAI $1,25 trln baholangan holda, moliyalashtirish raundining birinchi bosqichini $11 mlrd bilan yopdi
Moliyalashtirishda Yaponiyaning SoftBank kompaniyasi va BAAning MGX investitsiya fondi qatnashdi. Raundning umumiy hajmi $20 mlrdgacha yetishi mumkin.

OpenAI kompaniyani $1,25 trln deb baholayotgan yangi moliyalashtirish raundining birinchi bosqichi doirasida qariyb $11 mlrd oldi. Bu haqda 6 noyabr kuni Bloomberg va Reuters bitimdan xabardor manbalarga tayanib xabar berdi. Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, juma kuniga kelib mablagʻlar kompaniya hisobiga tushgan.
Bloomberg raund ishtirokchilari qatorida SoftBank va MGXdan tashqari Sequoia Capital, Founders Fund hamda Andreessen Horowitzni ham tilga oladi. Alohida investitsiyalar miqdori xabarlarda oshkor qilinmagan.
Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, dastlab OpenAI $1,4 trln baholangan holda kamida $30 mlrd jalb etishni rejalashtirgan. Kompaniya bu rejalarini sunʼiy intellekt kompaniyalari aksiyalari kotirovkalari pasayishi fonida qayta koʻrib chiqdi. Qoʻshimcha moliyalashtirish yaqin haftalarda kelib tushishi kutilmoqda.
Raund sanoatning hisoblash infratuzilmasiga sarflayotgan xarajatlari oshib borayotgan bir paytga toʻgʻri kelmoqda. Sunʼiy intellekt ishlab chiquvchilariga modellarni oʻqitish, shuningdek, ular asosidagi servislarni ishlatish uchun chiplar va maʼlumotlar markazlari quvvatlari kerak.





