YouTube 2027-yilda Billboard chartlariga tinglanish maʼlumotlarini qaytaradi
YouTube striming orqali tinglash maʼlumotlarini Billboard chartlariga 2027-yilda strimlarni hisoblash metodikasi oʻzgarganidan soʻng qayta uzatadi.

Kompaniya Billboard bilan kelishmovchiliklar sabab 2026-yil 16-yanvardan soʻng maʼlumot uzatishni toʻxtatdi. YouTube avvalgi formula pullik tinglashlarni haddan tashqari hisobga olib, musiqani reklama bilan bepul tinglaydigan auditoriyani yetarlicha baholamaydi deb hisoblagan.
Avvalgi yondashuvda 1 000 ta pullik tinglash reklama bilan amalga oshirilgan 2 500 ta tinglashga tenglashtirilgan. Billboardning yangilangan tizimida farq qisqardi: albom birliklarini hisoblashda endi 1 000 ta pullik strim reklama bilan amalga oshirilgan 1 500 ta strimga teng. Pullik tinglashlar hanuz kattaroq vaznga ega, biroq bepul tinglash chartlardagi oʻrinlarga kuchliroq taʼsir qiladi.
YouTubeʼning musiqa yoʻnalishi boʻyicha global rahbari Laior Koen avval eski metodika auditoriyaning bugun musiqa bilan qanday munosabatda boʻlishini aks ettirmasligini aytgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, u pullik obunasi boʻlmagan tinglovchilarning hissasini ham hisobga olmaydi.
Maʼlumotlarning qaytarilishi mustaqil musiqachilar va xalqaro auditoriyasi katta ijrochilarga ayniqsa taʼsir qilishi mumkin: hisob-kitoblarga YouTubeʼdagi musiqiy videolar, konsert translyatsiyalari, lyric-videolar va boshqa kontent koʻrishlari yana kiritiladi. Billboard uchun bu platformadagi musiqa isteʼmoli va uni izlashning yanada toʻliq manzarasini anglatadi.





