Google Play 2026 yilning eng yaxshi ilova va oʻyinlarini eʼlon qildi
Google Play AQShda Best of Google Play 2026 mukofoti gʻoliblarini eʼlon qildi. Eng yaxshi ilova va oʻyin deb Notability: AI & PDF Notes hamda Arknights: Endfield topildi.

Google ijodkorlik va texnik yechimlari bilan ajralib turgan ilova hamda oʻyinlarni taqdirlab, har yili beriladigan Best of Play mukofoti laureatlarini eʼlon qildi. Turli qurilmalar uchun moʻljallangan toifada Strava: Run, Bike, Walk va Moonlight Peaks gʻolib boʻldi.
Notability: AI & PDF Notes — oʻqish va ishlash uchun moʻljallangan, sunʼiy intellekt funksiyalariga ega raqamli daftar. U materiallarni muhokama qilish, rejalashtirgichlar yaratish va testlar tuzishga yordam beradi. Arknights: Endfield syujeti, manzaralari, real vaqt rejimidagi janglari hamda qurish va ishlab chiqarish mexanikalari uchun taqdirlandi.
Ilovalar orasidagi boshqa laureatlar — Qobuz: Music & Editorial, Wispr Flow: AI Voice-to-Text, ibis Paint X, Spark: Daily Learning Puzzles va Sofascore: Live Sports Scores. Ayrim toifalarda Riley: Emotion & Mood Tracker, Superfonik: Kids Learn to Read, Pocket Casts — Podcast App, BandLab: Music Maker & Studio, Audible: Audiobooks & Podcasts va MLB ham gʻolib boʻldi. Ommabop trendlar roʻyxatidan Vinted: Shop & sell pre-loved, Pocket FM: Audio Dramas va FotMob — Soccer Live Scores joy oldi.
Oʻyinlar nominatsiyalarida Warframe, Subway Surfers City, Deep Rock Galactic: Survivor, Sea of Stars va Zenless Zone Zero mukofotlandi.





