Shimpanze DNKsida qadimgi virus izi inson miyasi rivojlanishidagi farqlarni izohladi
Lund universiteti olimlari qadimgi virus qoʻshilmasi shimpanzelarda odamlarda faol boʻlgan va miyaning dastlabki rivojlanishi uchun muhim hisoblangan LINC00662 genini oʻchirib qoʻyishini aniqladi.

Tadqiqotchilar millionlab yillar avval shimpanzelarni zararlagan PTERV1 virusi qoldiqlarini oʻrgandi. Uning genetik materiali hayvonlar genomiga qoʻshilib, vaqt oʻtishi bilan keyingi avlodlarga oʻta boshlagan. Olimlarning fikricha, aynan shu qoʻshilma yonidagi LINC00662 genini oʻchirib qoʻyadi.
Bu gen inson miyasi rivojlanishining dastlabki bosqichlarida faol boʻladi, biroq shimpanze miyasining taqqoslanadigan modellarida ishlamaydi. Olimlar buni metillanish — genlar faolligini tartibga soladigan va ularni nofaol holatga oʻtkazishi mumkin boʻlgan DNKdagi kimyoviy oʻzgarish bilan bogʻlamoqda.
Buni tekshirish uchun tadqiqotchilar ildiz hujayralaridan inson va shimpanzelarning miniatyura miya modellarini yetishtirdi. Inson organoidlarida LINC00662 faol ishlagan, shimpanze hujayralaridan olingan modellarda esa oʻchirilgan holatda qolgan. CRISPR-Cas9 yordamida virus ketma-ketligi olib tashlanganidan soʻng, shimpanze hujayralaridagi gen yana ishga tushgan.
Shundan keyin olimlar inson organoidlarida LINC00662 genini oʻchirib qoʻydi. Bu nerv hujayralarining rivojlanishi va neyronlar oʻrtasidagi aloqalarning shakllanishi bilan bogʻliq genlar faolligini pasaytirdi. Tadqiqot mualliflarining fikricha, natija qadimgi virusli infeksiya genlar boshqaruviga qanday taʼsir koʻrsatgan va inson hamda shimpanze miyalarining rivojlanishidagi farqlarga qanday hissa qoʻshgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi.
Tadqiqotchilar boshqa virusli ketma-ketliklar ham miya evolyutsiyasiga xuddi shunday taʼsir koʻrsatgan-koʻrsatmaganini tekshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, ular bunday meros boʻlib oʻtgan fragmentlarning nevrologik kasalliklar bilan ehtimoliy bogʻliqligini oʻrganmoqchi.





