PlayStation Avstraliyada egalik huquqisiz raqamli kontent uchun anti-mukofot oldi
Avstraliyaning Choice tashkiloti Sony Interactive Entertainmentʼni Shonky Awardsʼning «Sharmandalik zali»ga kiritdi. U raqamli oʻyin va filmlarni mulk emas, litsenziya asosida sotishni tanqid qildi.

PlayStationʼga berilgan anti-mukofot foydalanuvchi oʻyin yoki film uchun pul toʻlab, kontentga egalik huquqini olmasligi haqidagi model uchun taqdim etildi. Choice oʻyinchilar guruhi bilan birga xaridor Sonyʼning raqamli doʻkonlari, jumladan PlayStation Store orqali faqat kirish huquqini sotib oladi, deb hisoblaydi.
Tashkilot bunga asos sifatida Sony Interactive Entertainmentʼning foydalanuvchi shartlarini keltirdi. Ularga koʻra, diskda xarid qilingan oʻyin va filmlardan farqli ravishda, raqamli oʻyinlar va filmlar xaridor mulkiga oʻtmaydi. Choice taʼkidlashicha, ularga kirish litsenziyasi istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin.
Sony doʻkondan bir necha yuzta raqamli filmni oʻchirib, xaridlarni pulni qaytarmasdan bekor qilganidan keyin xavotirlar kuchaydi. Choice yana shundan ogohlantiradi: agar jismoniy relizlar platformadan yoʻqolsa, foydalanuvchilarda raqamli litsenziyaga muqobil qolmaydi. Stop Killing Games kabi kampaniyalar ham shunga oʻxshash eʼtirozlarni bildiradi.
Tashkilot egalik huquqining yoʻqligi biznes modelining bir qismi boʻlishi mumkinligini istisno etmaydi. Tahlilchilarga koʻra, Sony uchun eng yirik oʻyinlarning jismoniy nashrlaridan olinadigan daromadgina emas, bozor ustidan nazorat ham muhim. Disklar yoʻqolgach, ishlatilgan oʻyinlar bozori ham yoʻqoladi, Sony va uchinchi tomon nashriyotlari esa har bir bitimdan ulush olishi hamda ikkilamchi bozor raqobatisiz narxlarni mustaqil belgilashi mumkin.
Shonky Awards 2006 yildan beri oʻtkazib kelinadi, biroq oʻyin kompaniyalari gʻoliblar roʻyxatiga faqat vaqti-vaqti bilan kiritiladi. 2023 yilda roʻyxatga Xbox Mini Fridge kiritilgan, 2013 yilda esa Choice EAʼning SimCity oʻyinini ishga tushirishdagi muammolardan keyin pulli qoʻllab-quvvatlash liniyasini tanqid qilgan.





