Samsung Galaxy S27 ishlab chiqarish hajmining qariyb 70 foizini Pro va Ultra modellariga ajratishi mumkin
Samsung qariyb 18 mln dona Galaxy S27 Ultra va yana 7–8 mln dona Galaxy S27 Pro ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Yangi model Ultraʼdan ixchamroq boʻladi va uning ayrim funksiyalariga ega boʻladi.

Samsung 2027 yilda Galaxy S27 flagmanlar qatorini kengaytirib, bazaviy model, Plus va Ultraʼga toʻrtinchi versiya — Proʻni qoʻshishni rejalashtirmoqda. Janubiy Koreyaning ETNews nashri tarmoq manbalariga tayanib xabar berishicha, ishlab chiqarish hajmining qariyb 70 foizi yuqori darajadagi ikki modelga toʻgʻri kelishi mumkin.
Nashr maʼlumotlariga koʻra, Galaxy S27 ishlab chiqarishining umumiy hajmi taxminan 35 mln dona darajasida qoladi. Samsung qariyb 18 mln dona Galaxy S27 Ultra ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda — bu Galaxy S26 Ultra koʻrsatkichi bilan bir xil. Hozirgi avlodda ishlab chiqarish hajmining qariyb yarmi Ultra modeliga toʻgʻri keladi. Yangi Pro modelini 7–8 mln dona miqdorida, yaʼni butun seriyaning taxminan beshdan bir qismi hajmida ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Galaxy S27 Pro Ultraʼdan kichikroq boʻladi va elektron ruchkani qoʻllab-quvvatlamaydi. 9to5Google yozishicha, model yon tomondan tasvir koʻrinishini cheklovchi Privacy Display ekraniga hamda Ultra uslubidagi dizaynga ega boʻlishi mumkin. Samsung aniq narxni hali eʼlon qilgani yoʻq.
ETNews yuqori darajadagi modellarning ulushi oshishini komponentlar qimmatlashgani bilan bogʻlamoqda. Nashr bahosiga koʻra, Samsung bazaviy model va Plus xaridorlarining bir qismi qimmatroq Proʻni tanlashini kutmoqda. Ishlab chiqarish boʻyicha baholar chiqarish rejalariga taalluqli, sotuvlardagi modellar ulushi esa ishga tushirilgandan keyin maʼlum boʻladi.





