TikTok tuzilmasi AQShdagi Shopʼda Xitoy tajribali rahbarlar roli oshganini koʻrsatdi
TikTok Shopʼning AQShdagi muhim lavozimlarini Xitoyda ishlagan rahbarlar egalladi, deyiladi tashkiliy tuzilmada. Shu paytda AQSh savdosida tajribasi bor koʻplab menejerlar ketdi.

Fevral oyida TikTok AQShdagi barcha sotuvchilar mart oxirigacha Shopʼning ichki yetkazib berish xizmatiga oʻtishi kerakligi haqidagi qoidani bekor qildi. Sotuvchilarga tovarlarni mustaqil joʻnatish taqiqlangan, platforma xizmatlari uchun esa yigʻim toʻlashga toʻgʻri kelardi. Sotuvchilarning noroziligi va platformani tark etish tahdidlaridan soʻng kompaniya bu qarorini bekor qildi.
TikTok Shopʼning operatsion yoʻnalishini avval Xitoyning Douyin servisida ishlagan Mu Qing boshqaradi. U ByteDance kompaniyasining elektron tijorat yoʻnalishiga masʼul Bob Kanga boʻysunadi. AQShdagi tovar toifalari boʻyicha yetti rahbarning oltitasi avval Xitoyda ByteDance yoki boshqa kompaniyalarda ishlagan. Ijodkorlar bilan ishlash jamoasi rahbari ham ilgari Douyindagi shunga oʻxshash yoʻnalishni boshqargan.
Biroq TikTok vakili AQShdagi Shop rahbariyati tarkibi bir yildan koʻproq vaqt davomida deyarli oʻzgarmaganini aytdi. Kompaniya buyurtmasi bilan PF Global oʻtkazgan soʻrovda sotuvchilarning 85 foizi platforma tufayli savdo va tushum oshganini, 81 foizi esa yangi mijozlar jalb qilganini bildirdi.
Shop AQSh bozoridagi ulushini kengaytirishda davom etmoqda: iyul oyida u onlayn chakana savdoga sarflangan xarajatlarning qariyb 2 foizini tashkil etdi, bir yil avval bu koʻrsatkich taxminan 1,2 foiz edi. Biroq hozirgi va sobiq xodimlar jamoada AQSh elektron tijoratida tajribaga ega rahbarlar kamaygan deb hisoblaydi.
Dastlab TikTok AQShdagi ishga tushirish uchun Amazon va boshqa mahalliy kompaniyalardan mutaxassislarni jalb qilgan. Keyinchalik ByteDance AQShda Douyin yondashuvlarini, jumladan, jonli efirlar vaqtida savdo qilishni ilgari sura boshladi. Xodimlar rahbariyatdagi bunday almashuvni mahalliy bozor xususiyatlari yetarlicha hisobga olinmagan strategiyalardagi xatolar bilan bogʻlaydi.





