Yoqilgʻi tejalishi shinalarga koʻchmoqda: elektromobil komplekti qancha turadi
Michelin maʼlumotiga koʻra, elektromobil shinalari oddiy shinalarga qaraganda 20% tezroq eskiradi. Komplekt 20 000–40 000 kmda almashtirilishi va 90 000–230 000 rubl turishi mumkin.

Shinalarga tushadigan asosiy yuk avtomobilning ogʻirligi va elektromotorning oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliq. Batareya elektromobilni shu toifadagi benzinli modelga qaraganda ogʻirlashtiradi, shu sabab shinalarga kuchaytirilgan karkas kerak boʻladi. Elektromotor aylantiruvchi momentni kechikishsiz darhol uzatadi, bu esa rezinaning eskirishini tezlashtiradi.
Bunday shinalarning konstruksiyasi yurish zaxirasi va qulaylik talablari sabab ham murakkablashadi. Yumalash qarshiligining pastligi energiyani kamroq sarflashga yordam beradi: Michelin kompaniyasida yurish zaxirasini 10% ga oshiradigan model bor. Shu bilan birga, elektromobilning saloni tinch boʻlgani uchun yoʻl shovqini kuchliroq eshitiladi. Shuning uchun shina ichiga tovushni yutuvchi materiallar qoʻshiladi.
Narxga ishlab chiqarish hajmining kichikligi ham taʼsir qiladi. Ayrim elektromobillar uchun diametri katta, eni tor shinalar kerak boʻladi, ularni esa sanoqli kompaniyalar ishlab chiqaradi. Ishlab chiqish xarajatlari kam sonli mahsulotlar oʻrtasida taqsimlanadi, vaqt oʻtishi bilan mos shinalarni topish ham qiyinlashishi mumkin.
Ishlab chiqaruvchilar assortimentni kengaytirmoqda, budjet brendlari ham bu segmentga kirib kelmoqda. Elektromobillar savdosining oʻsishi shinalar ishlab chiqarish hajmini oshiradi va tannarxni pasaytiradi, shu sabab ular asta-sekin arzonlashmoqda. Biroq narxlar oddiy shinalar narxigacha, ehtimol, tushmaydi: karkasni kuchaytirish va shovqinni izolyatsiyalash uchun koʻproq tabiiy kauchuk hamda texnik uglerod talab etiladi.





