Redmi K100 Ultra 10 000 mA·soatlik akkumulyator va uch karra zumli kameraga ega boʻlishi mumkin
Insayder Xitoyda tayyorlanayotgan, 10 000 mA·soatlik batareya, 100 Vt quvvatlash va 50 megapikselli periskop kameraga ega flagman haqida maʼlumot berdi. Bu Redmi K100 Ultra boʻlishi mumkin.

Digital Chat Station tarqatgan sizdirilgan maʼlumotlarga koʻra, yangi smartfon past kuchlanishli razryad rejimiga ega bir elementli batareya bilan jihozlanadi. Qurilmani simsiz quvvatlash ham mumkin boʻladi. Bypass charging funksiyasi kuchli yuklama paytida, ayniqsa oʻyinlarda, akkumulyatorni chetlab oʻtib, smartfonni toʻgʻridan-toʻgʻri quvvatlagichdan energiya bilan taʼminlash imkonini beradi.
Kutilishicha, periskop kamerada 1/1,95 dyuymli optik formatdagi sensor qoʻllanadi. Obyektiv uch karra optik kattalashtirishni taʼminlaydi. Smartfonning asosini 2 nanometrli texnologik jarayon asosida ishlab chiqarilgan bir kristalli tizim tashkil etadi, biroq uning modeli hozircha oshkor qilinmagan.
Digital Chat Station qurilma nomini oʻzi koʻrsatmagan. Taxminlarga koʻra, gap Redmi K100 Ultra haqida bormoqda. Maʼlumotlar tasdiqlansa, modelda Redmi K90 Ultraʼda mavjud boʻlmagan teleobyektiv va simsiz quvvatlash paydo boʻladi. Modelning aniq chiqish sanasi va boshqa xususiyatlari hozircha nomaʼlum.





