Endi olti mamlakatda foydalanuvchilar Geminiʼga «vazifalar»ni bepul topshira oladi
Google AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya, Kanada, Avstraliya va Hindistondagi Gemini foydalanuvchilari uchun Tasks funksiyasini bepul qildi. Avval u AI Pro obunasini talab qilgan.

Tasks Geminiʼga oddiy chatdan tashqaridagi amallarni topshirish imkonini beradi. U xatlar va hisoblarni tahlil qilishi, tovarlarni izlashi, xaridlarni rasmiylashtirishi, mahsulotlarni buyurtmaga qoʻshishi va xatlardagi sanalarni taqvimga koʻchirishi mumkin.
Google elektr energiyasi uchun $389 miqdoridagi hisob misolini keltirdi: Gemini pochtadagi maʼlumotlarni oʻrganib, issiqlik nasosi yuqori tariflar amal qilgan paytda yoqilganini aniqladi. Boshqa holatda servis USB-C quvvatlagichlarini taqqosladi, quvvat va rang talablarini aniqlashtirdi, promo-kodni qoʻlladi va Google Pay orqali xaridni rasmiylashtirishga yordam berdi.
Tasks Gemini 4 Hydrogen modelidan foydalanadi. Kompaniya funksiya har bir akkaunt uchun alohida, apparat darajasida izolyatsiya qilingan virtual mashinada ishga tushishini bildirdi. Muhit boshqa foydalanuvchilardan ajratilgan, himoyani esa prompt injectionʼga qarshi filtrlar va Google Safe Browsing toʻldiradi.
Xariddan oldin Gemini tasdiq soʻrashi, buyruq noaniq boʻlsa esa aniqlashtiruvchi savol berishi kerak. Servis, shuningdek, 60 dan ortiq ilovaga ulanadi. Google foydalanuvchining xatlari, taqvimlari, parollari, fotosuratlari, fayllari va toʻlov kartalari allaqachon uning ekotizimida saqlanishini taʼkidlaydi.





