JPMorgan inson ishtirokisiz AI-agent operatsiyalarini sinovdan oʻtkazmoqda
JPMorgan va Hyundai Card insonning bevosita nazoratisiz AI-agentlar ishtirokidagi sinov valyuta operatsiyasini yakunladi. Murakkabroq operatsiyalar 2027 yilning birinchi yarmida sinovdan oʻtkaziladi.

Ilk sinovda Hyundai Card AI-agenti blokcheyndagi Kinexys depozit hisobvaragʻida yevro likvidligini taʼminlash uchun valyuta operatsiyasini soʻradi. JPMorgan buni korporativ moliyani boshqarish uchun xususiy blokcheynda bank agentining mijoz agenti bilan avtonom oʻzaro aloqasiga oid ilk test deb atadi.
Keyingi bosqich bir nechta agentning oʻzaro ishlashini, kelajakda esa ularning kelishib, bir-biriga toʻlov yuborishini tekshiradi. Kinexys by JP Morgan kompaniyasidagi Kinexys Insights global rahbari Vi Ki Toning aytishicha, texnik qism javobgarlik va ichki nazorat qoidalarini ishlab chiqishdan osonroq boʻlgan. Tijoriy ishga tushirish muddati belgilanmagan.
Kinexys agentlarni oldindan belgilangan parametrlar bilan cheklaydi: masalan, $5 mln limiti bor agent bu summadan yuqori operatsiya oʻtkaza olmaydi. AvePoint maʼlumotiga koʻra, avtonom agentlarning ruxsatsiz harakatlari ular bilan bogʻliq xavfsizlik buzilishlarining uchinchi eng koʻp uchragan turi boʻlib, bunday hodisalar haqida xabar bergan kompaniyalarning 34,1 foiziga taʼsir qilgan. JPMorgan va Hyundai Card Hyundai Motor Groupʼning boshqa kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirishni ham oʻrganmoqda, ammo aniq loyihalar eʼlon qilinmagan.





