Toyotaʼning GRMN Corolla modeli zoʻr, ammo standart versiya ham jiddiy dalillarga ega
GRMN Corolla Toyota qatorining eng sportkor versiyasiga aylandi: trekda oddiy GRʼdan aniqroq, biroq orqa oʻrindiqlari va amaliyligining bir qismidan mahrum.

Yangi model 2027-yil uchun moʻljallangan, narxi esa yetkazib berish xarajatlarisiz 64 360 dollardan boshlanadi. U besh xil sozlama holatiga ega kattalashtirilgan orqa qanot, karbon tolali old qanotlar hamda Super Taikyu poygalari va Nyurburgringdagi sinovlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan aerodinamikaga ega.
GR Corollaʼdan asosiy farq trassada namoyon boʻladi: GRMN kuzovi kamroq ogʻadi, tormoz, gaz va rulga reaksiyalar esa aniqroq boʻladi. Bunga Michelin Pilot Sport Cup 2 shinalari, maxsus amortizatorlar va osma yurish cheklagichlarining oʻzgartirilgan sozlamalari yordam beradi. Shu bilan birga, uch silindrli dvigatel quvvati oʻzgarmagan — 300 ot kuchi.
Salonda 12,3 dyuymli raqamli asboblar paneli va Android Auto hamda Apple CarPlayʼga ega 8 dyuymli multimedia tizimi oʻrnatilgan. Haydovchi Normal, Gravel va Track rejimlaridan birini tanlashi mumkin. Avval mavjud boʻlgan quvvatning 70 foizigacha qismini orqa gʻildiraklarga qoʻlda yoʻnaltirish imkoniyati bekor qilingan.
Oddiy GR Corolla besh oʻrindiq va buklanadigan orqa qatorni saqlab qoladi, GRMN esa faqat ikkita oʻrindiqqa ega. Biroq unda ikkinchi gʻildiraklar toʻplami sigʻadigan keng yukxona bor. Toyota jahon bozori uchun jami 730 ta shunday avtomobil chiqaradi.





