Rogbid EKG funksiyasiga ega titan uzukni 130 dollarga chiqardi
Rogbid VitalRing aqlli uzugining ogʻirligi qariyb 5 g boʻlib, ishlab chiqaruvchi maʼlumotlariga koʻra, u EKG yozib olishi mumkin. Uzuk hozir Rogbid doʻkonida 129,99 dollarga sotilmoqda.

EKG yozib olishdan tashqari, VitalRing pulsni, qondagi kislorod bilan toʻyinganlikni (SpO₂), yurak urish tezligi oʻzgaruvchanligini, haroratni va stress darajasini kuzatadi. Uzuk, shuningdek, uyqu va hayz sikli haqidagi maʼlumotlarni toʻplaydi, qadamlar soni, bosib oʻtilgan masofa va sarflangan kaloriyalarni hisoblaydi.
Uzuk egasi masofadan monitoring qilish funksiyasi orqali tanlangan koʻrsatkichlarini yaqinlari bilan boʻlishishi mumkin. Uzuk imo-ishoralar yordamida boshqarishni ham qoʻllab-quvvatlaydi, masalan, smartfon kamerasining yopqichini masofadan tushirish mumkin.
VitalRing uchun 5 ATM darajasidagi suvga chidamlilik koʻrsatilgan. Toʻplamga sigʻimi 400 mA·soat boʻlgan akkumulyatorli quvvatlash gʻilofi kiradi. Ishlab chiqaruvchi uzukning bir marta quvvatlangandagi ishlash vaqtini hozircha maʼlum qilmagan.
Uzuk oltinrang, kumushrang va qora ranglarda, 8 dan 13 gacha boʻlgan oʻlchamlarda mavjud.





