Ochiq kod harakati Jensen Huangning qaytishini istamoqda
Nvidianing sobiq bosh direktori Jensen Huangni qaytarish haqidagi petitsiya 115 000 dan ortiq imzo toʻpladi. Uni Elon Musk va Nvidia tadqiqotchilari ham qoʻllab-quvvatladi.

Tashabbusni yirik texnologiya kompaniyalaridan mustaqil ravishda yuklab olish va ishga tushirish mumkin boʻlgan ochiq AI modellari tarafdorlari ilgari surmoqda. Imzo qoʻyganlar orasida Hugging Face, Andreessen Horowitz va Sequoia Capital rahbarlari ham bor. Bu tashkilotlar bunday AI rivojidan manfaatdor.
Huang AQSh amaldorlari oldida ochiq modellarni eng koʻzga koʻringan himoya qilganlardan biri edi. U AIʼning bir nechta kompaniya qoʻlida toʻplanishiga qarshi chiqib, ochiq yechimlar startaplar, universitetlar va olimlarga yordam berishini taʼkidlagan. Endi uning qaytishiga nafaqat nikohdan tashqari aloqalari haqidagi xabarlar, balki Xitoy kompaniyalarining Nvidiaʼning ilgʻor chiplariga kirish imkoniyati yuzasidan savollar ham toʻsqinlik qilmoqda.
OpenAIʼning sobiq tadqiqotchisi Will DePue xitoylik AI startaplari Blackwell chiplariga ilgari oʻylanganidan ancha koʻproq kirish imkoniga ega boʻlgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatuvchi natijalarni eʼlon qildi. DePue xulosalarni OpenAI va Anthropicʼning katta tadqiqotchilari tekshirganini aytadi, ammo hozircha mustaqil tasdiq yoʻq. Tadqiqot Nvidia xitoylik kompaniyalarga chip olishda yordam berganini ham isbotlamaydi: kontrabanda muammosi allaqachon ishlab chiqaruvchi nazoratidan chiqib ketgan.
AQSh moliya vaziri Scott Bessent avvalroq Nvidia Huangning oʻrniga kompaniya ichidan voris izlamasligi kerakligini aytgan. Bu uning qaytish ehtimolini yanada kamaytiradi. Shu bilan birga, Nvidia sentyabrda Hugging Faceʼni qariyb 13 mlrd dollarga sotib olish rejasini eʼlon qilgan. Ochiq AIʼni qoʻllab-quvvatlash Nvidiaʼning tijoriy manfaatlariga ham mos: oʻz modellarini yaratuvchi kompaniyalar uning chiplarini koʻproq sotib olishi mumkin.
AQSh Savdo vazirligining yangi qoidalari Xitoy modellarini boshqa mamlakatlardagi, jumladan Malayziyadagi maʼlumotlar markazlariga masofadan kirish orqali Nvidia chiplarida oʻqitishni cheklashi kerak. Shu sababli Hugging Faceʼdagi mashhur modellar rivoji tez orada sekinlashishi mumkin.





