Olimlar Quyoshning bir nechta sohasida chaqnashlar faolligi kuchayganini maʼlum qildi
Rossiya Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar instituti (IKI RAN) Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi 18 noyabr kuni bir nechta dogʻlar guruhida Quyosh chaqnashlari soni oshganini maʼlum qildi. Mutaxassislar bu tendensiya saqlanib qolsa, yanada kuchliroq hodisalar yuz berishi mumkinligini istisno qilmayapti.

Laboratoriya kuzatuvlariga koʻra, chaqnashlar 4572, 4576, 4577, 4578, 4579 va 4581 raqamli oltita faol sohada sodir boʻlgan. Bir nechta guruhdagi bir vaqtdagi faollik hozirgi vaziyatni noyabrdagi avvalgi kuchayishdan ajratib turadi: oʻshanda asosiy rolni bitta soha oʻynagan.
Tadqiqotchilar sodir boʻlayotgan jarayon Quyosh faolligining kengroq koʻlamda oshayotganidan darak berishi mumkin, deb hisoblaydi. Biroq yakuniy xulosa chiqarish uchun keyingi kuzatuvlar zarur: hozircha qayd etilgan hodisalarning asosiy qismi kuchsiz va oʻrtacha darajadagi chaqnashlarga toʻgʻri keladi.
Ayni paytda Yer yaqinida Quyosh shamoli kuchaydi. Uning tezligi taxminan 300 km/s dan 400 km/s gacha oshdi va bu geomagnit bezovtaliklarning koʻpayishi bilan kechdi. Xabar berilgan paytda bu oʻzgarishlar magnit boʻroni boshlanishi uchun yetarli emas edi.
Laboratoriya 18 noyabr uchun bergan prognozida Yer magnit maydonida oʻrtacha darajadagi bezovtaliklar boʻlishi mumkinligini bildirgan va magnit boʻroni ehtimolini kichik deb baholagan. Mutaxassislar xabariga koʻra, yangi seriyadagi chaqnashlar hozircha Yerga sezilarli taʼsir koʻrsatmagan.





