League of Legends oʻyinchilarining barchasi 2027 reyting mavsumini Temir IV dan boshlaydi
Riot Games «Darajalar poygasi» tizimini taqdim etdi: 2027-yil yanvarida barcha oʻyinchilarning koʻrinadigan darajasi avvalgi natijalaridan qatʼi nazar Temir IV ga tushiriladi.

Bunda matchmaking uchun yashirin reyting oʻzgarmaydi, shu sababli oʻyinlar sifati pasaymaydi: avval yuqori darajaga ega boʻlgan oʻyinchilar hamon oʻziga teng kuchli raqiblarga qarshi tushadi. Foydalanuvchilar avvalgi pogʻonalariga tezroq qaytishi uchun gʻalabalar evaziga beriladigan LP reyting ochkolari miqdori sezilarli darajada oshiriladi.
Reyting oʻyinlarida qatnashish «Abadiy tokenlar» deb ataladigan maxsus valyutani ham beradi. Ularni «Abadiy gʻalaba skinlari»ga — oʻtgan yillardagi sovrin skinlarining yangilangan versiyalariga — ayirboshlash mumkin boʻladi. Kosmetik buyumlarni tokenlarning kerakli miqdori toʻplanishi bilanoq ochish mumkin boʻladi; yil oxirini kutish shart emas.





