Nintendo Switch mod-chip proshivkalari boʻyicha GitHubʼga 144 ta repozitoriy ustidan shikoyat qildi
Nintendo GitHubʼga Switch mod-chip proshivkalari joylangan 144 ta repozitoriy boʻyicha DMCA shikoyati yubordi. Kompaniya dasturlar konsol himoyasini chetlab, pirat oʻyinlarni ishga tushirishini aytdi.

Mod-chiplar himoyalangan Switch versiyalarida norasmiy dasturiy taʼminotni ishga tushirish uchun kerak. Ular bevosita asosiy plataga oʻrnatiladi, shundan soʻng maxsus proshivka qurilma yuklanayotgan paytda boshqaruvni qoʻlga olib, ichki cheklovlarni chetlab oʻtadi.
Nintendo shikoyatida Picofly, SX Core, SX Lite va HWFLY loyihalarini sanab oʻtgan. Kompaniya ularning dasturiy taʼminoti Raqamli davrda mualliflik huquqi toʻgʻrisidagi qonunni buzadi, deb hisoblaydi, chunki u texnik himoya vositalarini chetlab oʻtish va noqonuniy oʻyin nusxalarini ishga tushirish imkonini beradi.
Modifikatsiyalarning boshqa qoʻllanish sohalari ham bor: ular emulyatsiya, muqobil operatsion tizimlardan foydalanish, oʻyinlarni oʻzgartirish va konsolni tezlatish imkonini beradi. Ularning paydo boʻlishiga Switchʼning dastlabki modellaridagi tiklash rejimida mavjud boʻlgan, yangilash orqali bartaraf etib boʻlmaydigan apparat zaifligi sabab boʻlgan. Switch Lite va Switch OLED versiyalarida bu zaiflik yopilgan, biroq ushbu versiyalar uchun mod-chiplar ishlatilishda davom etgan.
Avvalroq Nintendo GitHubʼda Switch emulyatorlari va pirat oʻyinlarni ishga tushirish vositalari, jumladan kalitlarni chiqarib olish dasturi joylangan repozitoriylarni bloklatishga erishgan. Kompaniya, shuningdek, Switch 2’ni buzish imkonini bergan zaiflikni ham yopgan.





