Google Searchʼning pullik muqobili Kagiʼda Gmailʼga raqib paydo boʻldi
Kagi @kagimail.com yoki shaxsiy domenli pochta va taqvimga ega Kagi Mailʼning ommaviy beta sinovini boshladi. 60 kundan soʻng xizmat yiliga $99 turadi.

Xizmat Ultimate obunasiga qoʻshimcha toʻlovsiz kiradi. Boshqa holatlarda sinov davridan keyin narx yiliga $99 va savdo soligʻini tashkil etadi.
Kagi Mail 50 GB xotira, cheksiz miqdorda taxalluslar va domenlarni taqdim etadi. Xizmat ochiq standartlar asosida ishlaydi, shu bois unga Kagi, Apple Mail, Thunderbird va boshqa mos mijoz ilovalari orqali ulanish mumkin.
Kompaniya reklama, kuzatuv, profillash va maʼlumotlarni uchinchi tomonlarga uzatish boʻlmasligini vaʼda qilmoqda. Tashqi rasmlar va kuzatuv piksellari bloklanadi yoki proksi orqali yuklanadi, yangi joʻnatuvchilar esa tekshiruvdan oʻtadi.
Pochta xizmatida sunʼiy intellektga asoslangan vositalar bor: qoidalarni oddiy tilda sozlash, muhim xatlarni ajratish hamda xatlar, skanerlangan hujjatlar va fotosuratlar mazmunidan javob izlash. Ularning ishlashini toʻliq oʻchirib qoʻyish mumkin. Mahalliy mobil ilovalar hali chiqarilmagan — Kagi mobil veb-versiya yoki mos pochta mijozidan foydalanishni taklif qilmoqda.





