Google Androidʼda bitta raqamni ikki telefonda ishlatish uchun Fast Switch ustida ishlamoqda
SIM Manager ilovasida Fast Switch funksiyasi haqidagi satrlar aniqlandi: u aloqani qulfdan chiqarilgan qurilmaga oʻtkazib, bitta raqamdan ikki telefonda foydalanish imkonini beradi.

Funksiya taʼrifiga koʻra, mobil aloqa foydalanuvchi qulfini ochgan telefonga avtomatik oʻtadi. Ikkala qurilma ham bitta Google akkauntiga ulangan boʻlishi kerak: biri asosiy, ikkinchisi qoʻshimcha qurilma maqomini oladi.
Telefonlar oʻrtasida qaysi maʼlumotlar sinxronlanishi va operatorlar bu funksiyani qoʻllab-quvvatlash-qilmasligi hozircha nomaʼlum. Fast Switch faqat Pixel qurilmalarida ishlaydimi yoki boshqa Android qurilmalarida ham paydo boʻladimi — bu ham aniq emas.
Google hozircha ishga tushirilishini eʼlon qilmagan. Funksiya bir necha hafta, oy, hatto yil ichida paydo boʻlishi mumkin.





