Microsoft WinUI 3 interfeysiga ega eksperimental reyestr muharririni eʼlon qildi
Microsoft.UI.Reactor freymvorki uchun namuna ilova allaqachon Windows reyestridagi haqiqiy yozuvlarni oʻzgartira oladi. Unda hozircha .reg fayllarini import va eksport qilish imkoniyati yoʻq, Microsoft esa standart muharrirni almashtirishni rejalashtirayotganini maʼlum qilmagan.

GitHubʼdagi Microsoft.UI.Reactor ochiq repozitoriysida reyestrning namoyish muharriri paydo boʻldi. Windows Latest jurnalisti ilovani dastlabki koddan yigʻib, Windows 11’da ishga tushirdi. Sinov davomida muharrir reyestr boʻlimlarini qidirish, yaratish, nomini oʻzgartirish va oʻchirish, shuningdek, turli tipdagi parametrlarni oʻzgartirish imkonini berdi.
Ilova Regeditʼga xos odatiy tuzilmani saqlab qolgan: chap tomonda boʻlimlar daraxti, oʻng tomonda esa parametrlar roʻyxati joylashgan. Jamoa menyu va manzil satrini yangiladi, WinUI 3 elementlaridan foydalandi hamda Mica yarim shaffof fonini qoʻshdi.
Microsoft muharrirni Reactorʼning eksperimental kengaytmalar toʻplami uchun namuna sifatida yaratdi. U XAML belgilash tilidan foydalanmasdan, C# tilida mahalliy ilovalar interfeyslarini ishlab chiqish imkonini beradi. Muharrirning sinov versiyasida saralanganlar boʻlimidagi xatchoʻplar saqlanmaydi, .reg fayllarini import va eksport qilish imkoniyati yoʻq, kirish huquqlarini boshqarish menyusi esa hozircha ishlamaydi.
Sharh eʼlon qilinganidan keyin Microsoft vakillari ilova Reactor imkoniyatlarini namoyish etish uchun yaratilganini va Windows jamoasining tizimni modernizatsiya qilish rejalariga kirmasligini aniqlashtirdi.





