Uzoq kosmik parvozlar uchun: Rossiya bioregenerativ tizimlar boʻyicha yechimlar ishlab chiqmoqda
Roskosmos uzoq kosmik parvozlar uchun bioregenerativ tizimlarni rivojlantirmoqda. Idora rahbari Dmitriy Bakanov ular uzoq muddatli missiyalarda kerak boʻlishi mumkin, deb hisoblaydi.

Amaldagi hayotni taʼminlash tizimlari havoni tozalash, suv zaxiralarini tiklash va ekipaj uchun sharoitlarni saqlashni uddalaydi. Biroq uzoq davom etadigan parvozlarda buning oʻzi yetarli emas: oziq-ovqatni Yerdan yetkazish, organik chiqindilarni qayta ishlashga toʻgʻri keladi, anʼanaviy yechimlarning imkoniyatlari esa cheklangan.
Bioregenerativ tizimlar kosmosda Yer biosferasining asosiy jarayonlarini qayta yaratishi kerak. Ularning taxmin qilinayotgan ishlashi ekipaj hayoti uchun sharoitlarni saqlash, oziq-ovqat, kislorod va toza suv ishlab chiqarishga yordam beradigan tirik organizmlardan foydalanishga asoslanadi.
Roskosmos variantlardan biri sifatida fotobioreaktorlar va oʻsimlik yetishtirish qurilmalarini birgalikda qoʻllashni koʻrsatadi. Fotobioreaktorlar karbonat angidridni qayta ishlab, kislorod ajratadi va oqsil biomassasini olish imkonini beradi. Oʻsimliklar kosmonavtlar ratsionini toʻldirishi hamda inson uchun odatiyroq muhitni shakllantirishi mumkin.
Havo va suv texnik qurilmalar yordamida tozalanadigan, oziq-ovqat esa Yerdan keltiriladigan anʼanaviy fizik-kimyoviy tizimlardan farqli oʻlaroq, bioregenerativ majmualar tabiiy sikllardan foydalanishga moʻljallangan. Bular kosmosda ekipaj hayotini taʼminlash uchun sunʼiy ravishda yaratilgan yopiq ekotizimlardir.





