Toyota tarixdagi eng kuchli GRMN Corolla uchun oldindan buyurtmalarni ochdi
Toyota Yaponiyada 304 ot kuchiga ega GRMN Corolla uchun oldindan buyurtmalarni qabul qila boshladi. Model cheklangan seriyada chiqariladi, xaridorlar tanlov asosida aniqlanadi.

Yangilik Gazoo Racing boʻlinmasi tomonidan oddiy GR versiyasi bazasida ishlab chiqilgan. Toyota jami 730 ta avtomobil chiqarishni rejalashtirmoqda, ulardan 190 tasi Yaponiya bozori uchun moʻljallangan. Mamlakatda xetchbekka faqat maxsus ilova orqali buyurtma berish mumkin.
GRMN Corollaʼning Yaponiyadagi narxi 9,8 mln iyenani, manbada keltirilgan hisob-kitobga koʻra esa 5,12 mln rublni tashkil etadi. Biroq bu mablagʻga ega boʻlishning oʻzi avtomobilni sotib olishni kafolatlamaydi: kompaniya tanlov oʻtkazib, nomzodlarni bir necha mezon, jumladan oʻzining ichki standartlari asosida baholaydi.
Avtomobilning orqa oʻrindiqlar qatori olib tashlangan. Uning oʻrniga kuzov qattiqligini oshiradigan va mashina massasini 1450 kg gacha tushirishga yordam beradigan kuchaytiruvchi toʻsin oʻrnatilgan. Xetchbek takomillashtirilgan turbomotor, mexanik uzatmalar qutisi va qayta sozlangan toʻliq uzatmali tizimga ega boʻldi. Kuch qurilmasining aylantiruvchi momenti 415 N·m gacha oshirildi.
Uzoq davom etadigan yuklamalarda quvvatni saqlab qolish uchun muhandislar interkulerga purkash tizimi va qoʻshimcha subradiator oʻrnatgan. Konstruksiyada poyga avtomobillaridan olingan yechimlar — bir quvurli amortizatorlar va ichki cheklagichli prujinalar ham qoʻllangan.
Tashqi koʻrinishda GRMN Corolla yangi aerodinamik detallar, jumladan old qanotlar, oʻzgartirilgan kapot, yon splitterlar hamda hujum burchagi sozlanadigan yirik antik qanot bilan ajralib turadi. Salonda kovshsimon oʻrindiqlar oʻrnatilgan.





