Meta infratuzilma boʻyicha uzoq yillik rahbaridan ayrilmoqda
Meta infratuzilma rahbari va muhandislik yoʻnalishi hamrahbari Santosh Janardhan vakolatlarini topshiradi va kutilishicha, kelasi yili ketadi. Uning oʻrnini Deyv Braun egallaydi.

Janardhan oʻtish davrida Metaʼda qoladi, shundan soʻng Meta Compute loyihasida maslahatchi lavozimiga oʻtadi. Bu haqda kompaniya vakili maʼlum qildi.
Braun Metaʼga joriy yil boshida infratuzilma boʻyicha vitse-prezident lavozimida qoʻshilgan. Bundan avval u Amazonʼda 19 yil ishlagan, u yerda hisoblash quvvatlari, bulutli texnologiyalar va sunʼiy intellekt bilan shugʻullangan, deb yozadi uning LinkedInʼdagi profili.
Janardhan Metaʼga 2009 yilda kelgan va kompaniya infratuzilmasini rivojlantirishda qatnashgan. Joriy yil boshida unga Meta Computeʼga rahbarlik qilish topshirilgan. Bu tashabbus maʼlumotlar markazlariga investitsiyalarni kengaytirish va tegishli strategiyani ishlab chiqishni koʻzda tutadi.
Avvalroq Bloomberg Metaʼning ichki xatiga tayanib, Janardhanning ketishi kutilayotgani haqida xabar bergan. Hujjatda qaror sabablari tushuntirilmagan, faqat vakolatlarni boshqalarga topshirish zarurligi aytilgan. Qoʻshimcha izoh soʻralganida, kompaniya tezkor javob bermadi.
Soʻnggi yillarda Meta infratuzilmaga kiritayotgan mablagʻlarini keskin oshirdi. Kompaniya sunʼiy intellektni rivojlantirish poygasida raqobatchilaridan ortda qolmaslikka intilmoqda.





