Nvidia RTX PRO 6000 egasining kabellari 500 Vt limitda ham deyarli eridi
Ikkala Nvidia RTX PRO 6000’dagi 12V-2x6 kabellari qoplamasi quvvat 500 Vtgacha cheklanganda deyarli eridi. Foydalanuvchi qoplama qattiqlashib, oson koʻchganini aytdi.

Reddit foydalanuvchisi shikastlangan kabel qoplamasi suratlarini eʼlon qilib, bu oddiy eskirish, ishlab chiqarish nuqsoni yoki qizib ketish bilan bogʻliqmi, deb soʻradi. Uning aytishicha, qoplama qattiqlashgan, yorilgan va faqat ayrim simlardan oson ajralgan. Muhokama qatnashchilari buni yuqori harorat taʼsiri deb baholadi.
Videokartalar maksimal isteʼmoli 600 Vt deb koʻrsatilgan boʻlsa-da, 500 Vt limiti bilan ishlagan. Egasi limitni 300 Vtgacha tushirish unumdorlikni 50% gacha kamaytirishi mumkinligini, oʻzi esa muddatlarga ulgurishi kerakligini aytdi. Taʼkidlanishicha, shikastlangan kabellar videokartalarning ishdan chiqishiga olib kelmagan.
Nazariy jihatdan 500 Vt quvvatda har bir musbat kontaktga taxminan 6,94 A toʻgʻri keladi — bu 16 AWG kesimli simni sezilarli qizdirish uchun yetarli emas. Biroq tok kontaktlar oʻrtasida notekis taqsimlanishi mumkin. Ayrim kontaktlarga muntazam ravishda yuqori yuklama tushgani va shu sabab kabellar ichida issiqlik toʻplangani taxmin qilindi.
Foydalanuvchilar qizib ketishni aniqlaydigan Corsair ThermalProtect 12V-2x6 kabeli, shuningdek, tokni muvozanatlashtiruvchi Thermal Grizzly WireView Pro II va Aqua Computing AMPINEL kabi uchinchi tomon yechimlarini taklif qildi. Boshqa loyihada ishqiboz maxsus ishlab chiqilgan plata orqali 12V-2x6 kontaktlarini ikkita 8-pin kabelga taqsimladi, bu kabellar haroratini sezilarli pasaytirdi. Yana bir modder qalin simlarni RTX 5090’ning quvvat kontaktlariga bevosita kavsharladi.
Muhokamada konstruksiyaning oʻzi ham tanqid qilindi: zamonaviy videokartalar koʻproq energiya isteʼmol qiladi, biroq ularda xuddi shu qalinlikdagi simlar soni kamroq. Foydalanuvchilar Mini-Fit Jr. konnektorlarini qalinroq kontaktlar va simlarga ega yechimga almashtirish kerak boʻlishi mumkinligini taxmin qildi.





