Olimlar yorugʻlik tezligining 75 foiziga teng tezlikda lazer yelkanini nima tormozlashini aniqladi
Chao Shen va Jiaze Li hisob-kitoblariga koʻra, yorugʻlik tezligining 75 foiziga yetilganda sochilgan yorugʻlik lazerli quyosh yelkanini tormozlay boshlaydi. Lazer nurlanishining umumiy kuchi esa harakat yoʻnalishini saqlab qoladi.

arXivʼda eʼlon qilingan tadqiqotda fotonlar impulsini uzatishning uch usuli koʻrib chiqiladi: yelkanga toʻgʻridan-toʻgʻri urilish, koʻzguday qaytish va diffuz sochilish. Eng katta hissa birinchi jarayonga, eng kichik hissa esa oxirgi jarayonga toʻgʻri keladi.
Yelkan lazer manbasidan uzoqlashgani sari Doppler siljishiga duch keladi: yorugʻlik chastotasi pasayadi, shu sababli taʼsirning uchala turi ham asta-sekin kamroq tortish kuchini hosil qiladi. Yorugʻlik tezligining 75 foiziga yetilganda relativistik aberratsiya sochilgan yorugʻlikni oldinga — yelkan harakatlanayotgan tomonga yoʻnaltiradi. Natijada paydo boʻladigan qaytish kuchi qarshilik kuchi kabi taʼsir qila boshlaydi.
Bu yelkan tezlanishdan toʻxtaydi degani emas: lazer nurlanishining umumiy kuchi musbat boʻlib qoladi, biroq keyingi tezlashuv samarasi pasayadi. Hisob-kitoblarda faqat nurlanishning taʼsiri tasvirlangan va material ideal koʻzgu deb olingan. Yulduzlararo gaz va chang, kuchli lazer taʼsirida qizish hamda fazo-vaqtning egriligi hisobga olinmagan. Metamateriallar va foton kristallari kelajakda yelkanni lazer nurida barqarorlashtirishga yordam berishi mumkin, biroq toʻlaqonli yulduzlararo tizimlar hozircha qurilmagan va sinovdan oʻtkazilmagan.





