Keyingi Xbox kompyuter oʻyinlarini ishga tushira oladi, sozlamalarni oʻzgartirish esa ixtiyoriy
Microsoft Project Helix tafsilotlarini ochiqladi: kelajakdagi Xbox konsoli foydalanuvchi kutubxonasidagi kompyuter oʻyinlarini ishga tushira oladi, sodda interfeys va qoʻlda sozlashni saqlaydi.

Qurilma imkoniyatlari haqida keyingi avlod tizimlarini ishlab chiqish boʻyicha Xbox vitse-prezidenti Jeyson Ronald soʻzlab berdi. Uning aytishicha, Helix oddiy oʻyin kompyuteri sifatida emas, aynan konsol sifatida yaratilmoqda. Foydalanuvchi operatsion tizimni mustaqil yangilashi, drayverlar oʻrnatishi yoki kompyuterga xos boshqa sozlamalarni bajarishisiz oʻyinlarga tezda kira oladi.
Shu bilan birga, Microsoft tizim va unumdorlikni mustaqil boshqarishni istaganlar uchun kengaytirilgan sozlamalarni ham qoldiradi. Kompaniya hozircha kompyuter oʻyinlari bilan moslik qanday ishlashini va uchinchi tomon raqamli doʻkonlari qoʻllab-quvvatlanadimi-yoʻqmi, aniqlashtirmadi. Gap qurilmani konsol oʻyinlarini ishga tushiradigan kompyuterga aylantirish haqida emas, balki foydalanuvchi kutubxonasidagi oʻyinlarni ishga tushirish haqida bormoqda.
Project Helix, shuningdek, Xboxʼning toʻrt avlodiga mansub kutubxonalar va oʻyinlardagi progressni qoʻllab-quvvatlashi kerak. Microsoft Xbox tajribasini kompyuterda rivojlantirish hamda Asus ROG Ally Xʼdagi Xbox rejimi boʻyicha tajriba boʻlajak konsolga taʼsir qiladi, deb hisoblaydi. Uning interfeysi alohida boʻladi, biroq ushbu qurilmalarda sinovdan oʻtgan va oʻyinchilarning fikr-mulohazalari hisobga olinib takomillashtirilgan yechimlardan foydalanadi.
Uskunaning dastlabki alfa versiyalarini 2027 yilda ishlab chiquvchilarga berish rejalashtirilgan. Konsolning chiqish muddati, yakuniy xususiyatlari va narxi hozircha eʼlon qilinmagan.





