N-ableʼning «4EverAble2Shell» nol kunlik zaifligi PoCʼdan soʻng ekspluatatsiya qilina boshlandi
Tadqiqotchilar PoC eʼlonidan soʻng N-able N-central zaifligi ekspluatatsiya qilinganini bildirdi: maynerlar kamida 21 serverga, jumladan soʻnggi yangilanish oʻrnatilgan 19 serverga joylangan.

Tadqiqotchi Shon Beyls N-centralʼdagi ikki zaiflik — 4EverAble2Shell va Agent2Shell uchun PoC eʼlon qildi. Birinchisi avtorizatsiyadan oʻtmagan hujumchilarga root huquqlari bilan buyruqlarni bajarish imkonini beradi, biroq hujum uchun Legacy API yoqilgan boʻlishi kerak. Beylsning taʼkidlashicha, ikkinchi zaiflik N-central agenti orqali Windows qurilmalarida tizim huquqlari bilan buyruqlarni bajarish imkonini beradi.
Previdian kompaniyasi maʼlumotiga koʻra, 12 noyabr kuni, PoC eʼlon qilinganidan koʻp oʻtmay, uning tuzogʻiga shubhali soʻrovlar kelgan. Hujumchilar avval serverlarni tekshirgan, keyin esa hujumning toʻliq zanjirini ishga tushirgan: Apache Axisʼning CVE-2026-90436 zaifligidan foydalangan, imtiyozlarni oshirgan va qoʻshimcha skriptni yuklab olishga uringan.
Huntback kamida 21 ta buzib kirilgan, ishlab turgan N-central serverini aniqladi. Ularda Monero uchun XMRig mayneri ishga tushirilgan va u mavjud protsessor yadrolarining taxminan yarmidan foydalangan. Zararlangan tizimlar orasida N-able 10 noyabr kuni chiqargan Hotfix 2 yangilanishi oʻrnatilgan 19 ta server ham bor edi. Hujumlar AQSh, Kanada, Janubiy Afrika, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Shvetsiyadagi tashkilotlarga taʼsir koʻrsatgan.
N-able yangi zaifliklar orqali buzib kirilganlik alomatlarini aniqlamaganini bildirgan, biroq maʼlumotlar eʼlon qilingach, N-centralʼning ayrim funksiyalari va integratsiyalarini cheklagan. Kompaniya Intune bilan integratsiyani oʻchirib qoʻygan va mahalliy oʻrnatmalardan foydalanadigan mijozlarni Legacy API oʻchirilganini tekshirishga chaqirgan. Bulutda joylashtirilgan muhitlar uchun bu choralar allaqachon qoʻllangan.





