Google Gemini 4 Hydrogenʼni taqdim etdi: u Geminiʼga joriy etila boshladi
Google kundalik vazifalar uchun yangi Gemini 4 Hydrogen modelini taqdim etdi. U Gemini ilovasi va kompaniyaning boshqa mahsulotlariga joriy etila boshladi.

Hydrogen uchun Google avvalgi Flash nomlanishidan foydalanmadi. Kompaniya model kundalik dasturlash va sunʼiy intellekt agentlari bilan ishlashga moʻljallanganini, tezlikni unumdorlik bilan uygʻunlashtirishini aytmoqda.
Artificial Analysis Intelligence Indexʼda Hydrogen standart yuqori darajadagi mulohaza yuritish rejimida Argonning 50 balliga qarshi 51 ball oldi. Google, shuningdek, model koʻpincha oʻxshash yechimlarga qaraganda vazifalarni tezroq bajarishini taʼkidlamoqda. Kontekst oynasi bir million tokenni tashkil etadi.
Gemini ilovasida Hydrogenʼga Everyday help — «har kunlik yordam» toifasi berildi. Google Antigravityʼda u uchun Extra qoʻshimcha mulohaza yuritish darajasi mavjud. Bundan tashqari, yangi Orchestrator rejimi bitta sessiya bosqichlarini Carbon va Hydrogen oʻrtasida avtomatik taqsimlashi mumkin: murakkabroq model rutin amallarni Hydrogenʼga topshiradi, bunda Carbon darajasidagi sifat saqlanadi va kamroq token sarflanadi.
Dasturchilar uchun Hydrogen narxi bir million kiruvchi token uchun $1.50 va bir million chiquvchi token uchun $7.50 ni tashkil etadi. Model Google AI Studio va Gemini APIʼning barcha tariflarida, biznes uchun Geminiʼda, Gemini ilovasi va Google Searchʼda, shuningdek Google AI Pro va Ultraʼning pullik obunachilari uchun Google Antigravityʼda mavjud.





