Uber endi mashinangizni ham parkovkaga qoʻymoqchi
Uber ilovasida haydovchilarga avtoturargoh joyini oldindan topish, bron qilish va toʻlash imkonini berdi. Xizmat 13 000 dan ortiq obyektli SpotHero tarmogʻidan foydalanadi.

Bu imkoniyat yangi Parking belgisi orqali ishlaydi. Xaritada narxlar va yetib borish vaqti koʻrsatiladi, joylarni esa parkovka turi — oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish yoki xodim yordamida, ochiq maydon yoki garaj boʻyicha saralash mumkin. Bron qilish uchun avtomobil maʼlumotlari va davlat raqamini kiritish kerak.
Ayrim avtoturargohlarga telefondagi QR-kod yoki davlat raqamini avtomatik tanish orqali kirish mumkin boʻladi. Rejalar oʻzgarsa, turish vaqtini ilovada uzaytirishga ruxsat beriladi. Bronni boshlanishidan oldin bepul bekor qilish mumkin.
Dastlab Uber Parking 15 ta shaharda ishga tushiriladi: Chikago, Nyu-York, Boston, San-Fransisko, Los-Anjeles, Vashington, Atlanta, Ostin, Dallas, Denver, Mayami, Nashvill, Filadelfiya, San-Diyego va Sietl. Keyin xizmatni SpotHero tarmogʻining barchasiga kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Uber One obunachilari bron qiymatining 10 foizini 24 soat ichida hisoblariga kredit sifatida qaytarib oladi. Bu kreditlarni Uber safarlari yoki Uber Eats buyurtmalariga sarflash mumkin.
Kompaniya parkovka xizmatini robotaksilarni rivojlantirish bilan ham bogʻlamoqda. Uber avtonom avtomobillarni yetkazib beruvchi 30 dan ortiq kompaniya bilan hamkorlik qiladi va avtoturargohlardan haydovchisiz avtomobillar uchun kutish joyi sifatida foydalanishni rejalashtirmoqda. Uber bahosiga koʻra, talab past paytda bunday avtomobillarni koʻchalardan tashqarida joylashtirish ularning maqsadsiz harakatini, shu bilan birga tirbandlik, chiqindilar va avtomobillarning eskirishini kamaytirishga yordam beradi.





