Alibaba 25 noyabrgacha Qwen4-Max-Preview modeliga kirish imkonini ochdi
Alibaba matn, tasvir va video bilan ishlaydigan, 1 mln tokengacha boʻlgan kontekstni qoʻllab-quvvatlaydigan flagman sunʼiy intellekt modeli Qwen4-Maxʼning dastlabki versiyasini chiqardi.

Sinov versiyasidan foydalanish 11 noyabrda ochildi. Model veb-qidiruv, tashqi vositalarni chaqirish va javoblarni belgilangan JSON tuzilmasida taqdim etishni qoʻllab-quvvatlaydi. Alibaba uni dasturlash, hujjatlar bilan ishlash va sunʼiy intellekt ulangan vositalardan foydalanadigan koʻp bosqichli vazifalar uchun moʻljallangan model sifatida taqdim etmoqda.
Alibaba Cloud Model Studioʻda modeldan Token Plan obunasi orqali foydalanish mumkin. Preview davrida tokenlarning amaldagi sarfi boʻyicha toʻlov qilish imkoniyati mavjud emas. API OpenAI va Anthropic formatlariga mos keladi, shu sababli modelni ushbu interfeyslarni qoʻllab-quvvatlaydigan mijoz dasturlariga ulash mumkin.
Preview 25 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da yakunlanadi. Shundan soʻng Alibaba sinov versiyasini oʻchiradi. Kompaniya toʻliq reliz sanasini hozircha eʼlon qilmagan, anonsda esa qiyosiy testlar natijalari keltirilmagan.





