Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Ilm-fan

AQShda koʻkrak bezi saratonining qaytish xavfini kamaytirishga moʻljallangan yangi dori maʼqullandi

AQSh Oziq-ovqat va dori vositalari boshqarmasi (FDA) Wilserdly savdo nomi ostida giredestrant preparatini maʼqulladi. Preparat oʻrtacha yoki yuqori darajadagi qaytalanish xavfi boʻlgan, I–III bosqichdagi koʻkrak bezi saratonining muayyan turiga chalingan katta yoshli bemorlarni qoʻshimcha davolash uchun moʻljallangan.

25-noyabr, 22:31По-русски

Read in English

Michael Vi / Shutterstock

Qaror 23 noyabrda qabul qilindi. Genentech tomonidan ishlab chiqilgan preparat estrogen retseptorlariga ijobiy va HER2 ga salbiy — ER+/HER2− — oʻsmalari boʻlgan bemorlar uchun qoʻllashga ruxsat etildi. U estrogen retseptorlarini bloklaydi va kasallikning qaytish ehtimolini kamaytirish uchun asosiy davolashdan keyin qoʻllanadi.

Preparatning samaradorligi 4170 nafar bemor ishtirok etgan xalqaro lidERA Breast Cancer tadqiqotida baholandi. Giredestrantni 2084 kishi, standart endokrin terapiyani esa 2086 kishi qabul qildi. Taqqoslash guruhida tamoksifen, anastrozol, letrozol yoki eksemestan qoʻllanildi.

Uch yildan keyin invaziv kasalliksiz yashab qolish koʻrsatkichi giredestrant guruhida 92,4 foizni, standart terapiya guruhida esa 89,6 foizni tashkil etdi. Farq 2,8 foiz punktiga yetdi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Bu koʻrsatkich invaziv saratonning qaytishi, boshqa koʻkrak bezida invaziv oʻsma paydo boʻlishi yoki har qanday sababga koʻra oʻlimni hisobga oldi. Tahlil oʻtkazilgan paytda umumiy yashab qolish boʻyicha yakuniy xulosalar chiqarish uchun hali yetarli maʼlumot yoʻq edi.

Preparat har kuni ogʻiz orqali qabul qilish uchun chiqariladi. Davolash davomiyligi besh yilgacha etadi, biroq bundan oldin kasallik qaytalansa yoki qabul qilib boʻlmaydigan nojoʻya reaksiyalar yuzaga kelsa, davolash toʻxtatiladi.

Keng tarqalgan nojoʻya reaksiyalar qatorida mushak va boʻgʻimlardagi ogʻriq, charchoq, issiq bosishi, bosh ogʻrigʻi, koʻngil aynishi va yurak urishining sekinlashishi qayd etilgan. Yoʻriqnomada, shuningdek, bradikardiya hamda embrion va homila uchun xavf haqida ogohlantirishlar mavjud.