Kora AI yaratuvchilari uchun Windows va macOSʼga Linux muqobili boʻladi
Kora ishlab chiquvchilari AI bilan ishlaydigan ijodkorlar va dasturchilar uchun Linux yadrosidagi desktop OTni taqdim etdi. Uni 2027 yilda chiqarish rejalashtirilgan.

Kora bosh direktori va hammuassisi Kirt Makmaster bir tizimda bir nechta AI vositasiga ehtiyoj sezadigan foydalanuvchilarni jalb qilishga umid qilmoqda. OT turli modellar bilan oʻzaro ishlash kontekstini alohida ilovalar va brauzerdagi tablarga ajratib qoʻymay, kompyuter darajasida birlashtirishi kerak.
Hammuassislardan biri Frank de Jirolami ish jarayonini misol keltirdi: foydalanuvchi OpenAI modeli bilan loyiha yaratadi, keyin kodni joylashtirish uchun Anthropic vositalariga oʻtadi, token sarfini kamaytirish uchun esa mahalliy modeldan foydalanadi. Kora bevosita qurilmada ishlaydi, x86-64 arxitekturasini qoʻllab-quvvatlaydi va Intel hamda AMD protsessorli kompyuterlarda ishga tushadi.
Kompaniya kelasi yili Koraʼni Snapdragon kompyuterlarida chiqarish uchun Qualcomm bilan hamkorlik shartnomasini tuzdi. Oʻrnatilgan moslik qatlamlari standart Windows ilovalarini ishga tushirish imkonini beradi. Ishlab chiquvchilar, shuningdek, kontaktlar, taqvim va elektron pochta uchun oʻz dasturlarini yaratmoqda, tashqi ishlab chiquvchilar uchun esa dasturiy taʼminot ishlab chiqish vositalari toʻplamini tayyorlamoqda.
Tizim negizida «neyron fayl tizimi» deb ataladigan texnologiya yotadi. U tarkibni maʼnosiga koʻra indekslaydi: foydalanuvchi fayl nomini koʻrsatmay, esida qolgan tafsilot orqali shartnomani topa oladi. Kora kamida 64 gigabayt tezkor xotiraga ega desktop kompyuterlar uchun optimallashtiriladi.
Loyiha GameOS oʻyin OTini yaratgan Playtron startapidan oʻsib chiqdi. Uning arxitekturasi Kora tarkibiga GameFrame nomi bilan kiritilgan va qurilma quvvati yetarli boʻlsa, kompyuter oʻyinlarini ishga tushirish imkonini beradi. Kora jamoasida 100 nafardan kam xodim bor. Hammuassislar orasida ilgari Googleʼda Android ustida ishlagan Jon Lagerling ham bor.





