Sony PlayStation Plus oʻyinlarini kompyuterda bulut orqali ishga tushirishni toʻxtatadi
Windows uchun PlayStation Plus ilovasi 2026-yil 10-dekabrda ishlashdan toʻxtaydi. Sony maʼlumotlariga koʻra, ushbu funksiyadan foydalanish imkoniga ega Premium obunachilarning 0,4 foizidan kami undan foydalangan.

Ilova ayrim oʻyinlarni kompyuterga oʻrnatmasdan, PlayStation Plus katalogidan bulut orqali ishga tushirish imkonini bergan. The Verge xabariga koʻra, Sony ilovaning yopilishi haqida foydalanuvchilarni bevosita xabardor qiladi.
Sony bu qarorni ilovaning ommalashmagani bilan izohladi. Kompaniya koʻproq obunachilar foydalanadigan funksiyalarga eʼtibor qaratmoqchi.
Ilova yopilganidan keyin ham PlayStation Plus Premium obunasi doirasida oʻyinlarni bulut orqali ishga tushirish imkoniyati PS5 va PlayStation Portal qurilmalarida saqlanib qoladi.





