Oʻzbekistonda narxlar haqidagi ochiq maʼlumotlarga ega NarxStat ishga tushirildi
NarxStat platformasida isteʼmol, uy-joy va sanoat narxlari haqidagi maʼlumotlar hududlar va tumanlar kesimida jamlangan. Maʼlumotlardan bepul foydalanish mumkin.

Milliy statistika qoʻmitasi platformani 13 noyabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida taqdim etdi. Sayt narx.stat.uz manzilida ishlaydi. Maʼlumotlarni CSV va JSON formatlarida yuklab olish yoki roʻyxatdan oʻtmasdan API orqali olish mumkin.
Platformada isteʼmol narxlari indeksi, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilgʻining haftalik oʻrtacha narxlari, shuningdek, uy-joy bozori hamda sanoat ishlab chiqaruvchilari narxlari koʻrsatkichlari mavjud. Foydalanuvchilar inflyatsiya va isteʼmol xarajatlarini hisoblash kalkulyatorlaridan foydalanishi mumkin.
Xizmatda hududlardagi oʻrtacha narxlar va ularning haftalik oʻzgarishlari koʻrsatilgan xarita, tovarlar qiymati dinamikasi grafiklari, eng koʻp qimmatlashgan va arzonlashgan mahsulotlar roʻyxati bor. Shuningdek, soʻnggi olti oyda maksimal va minimal narxlarga ega boʻlgan tovarlar haqidagi maʼlumotlar, hududlar narxlarini taqqoslash, maʼlumotlarni yangilash taqvimi va hisob-kitob formulalari tavsifi taqdim etilgan.
Platforma maʼlumotlariga koʻra, oktabr oyida isteʼmol narxlari sentabrga nisbatan 0,6 foizga, bir yil ichida esa 6,5 foizga oshdi. Uchinchi chorakda uy-joy narxi avvalgi chorakka nisbatan 1,4 foizga, yillik hisobda esa 4,8 foizga koʻtarildi.





