Cyberpunk 2077 uchun multiplayer mod qariyb olti yildan soʻng ochiq betaga oʻtdi
CyberMP jamoasi Cyberpunk 2077 modi uchun ochiq betani boshladi. Taklifnomasiz ulanish mumkin, biroq ishlab chiquvchilar oʻyin qulashi, sinxronizatsiya buzilishi va serverlardagi nosozliklardan ogohlantirmoqda.

Loyiha ustidagi ishlar qariyb olti yil davom etdi, soʻnggi ikki yil davomida esa u yopiq rejimda sinovdan oʻtkazildi. Endi modni oddiy oʻyinchilar, boʻlajak server maʼmurlari va boshqa istaganlar sinab koʻrishi mumkin.
CyberMP original oʻyinning syujetli topshiriqlarini kooperativ rejimga koʻchirmaydi. Oʻyinchilar birlashib, Nayt-Siti boʻylab yurishi, poygalarda va PvP otishmalarida qatnashishi mumkin. Alohida roleplay serverlari ham koʻzda tutilgan — ularda yollanma jangchi sifatida oʻynash mumkin. Asosiy urgʻu topshiriqlarni birgalikda bajarishga emas, improvizatsion tartibsizlikka qaratilgan.
Jamoa hozir barqarorlikni taʼminlash va oʻyin qulashlarini tuzatishni birinchi oʻringa qoʻymoqda, yangi funksiyalar esa hozircha keyinga qoldirildi. Klient raqamli imzoga ega emas, shu sabab antivirus unga shubhali obyekt sifatida munosabatda boʻlishi mumkin. Ishlab chiquvchilar anti-cheat tizimi bilan muammolar boʻlishini ham kutmoqda. Ishga tushirish uchun Steam, GOG yoki Epic Games Storeʼdan olingan litsenziyali oʻyin nusxasi kerak. CyberMP saytida modni oʻrnatish hamda roleplay va poyga serverlarini yaratish boʻyicha yoʻriqnomalar eʼlon qilingan.





