Mask toʻqqizta dvigatel va qariyb 150 metr balandlikdagi Starship V4 haqida gapirdi
Starship raketasining keyingi versiyasi yigʻilgan holatda qariyb 150 metrga yetishi, uning yuqori bosqichiga esa oltita oʻrniga toʻqqizta dvigatel oʻrnatilishi haqida SpaceX rahbari Ilon Mask maʼlum qildi. Uning ilk parvozi 2027 yilda kutilmoqda.

Maskning soʻzlariga koʻra, Starship V4 kosmik kemasining uzunligi qariyb 70 metrni tashkil etadi, yoqilgʻi zaxirasi esa 60 foizdan koʻproqqa oshadi. SpaceX kosmosda ishlashga moʻljallangan uchta Raptor Vacuum dvigatelini qoʻshishni rejalashtirmoqda. Yangi avlod dvigatellari, shuningdek, kattaroq tortish kuchini hosil qilishi kerak.
Taqqoslash uchun, Starship V3 kemasining uzunligi qariyb 52 metr. Super Heavy tezlatkichi bilan birga tizimning balandligi 124 metrga yetadi. V4 ning bitta yuqori bosqichi balandligi boʻyicha ikki bosqichli Falcon 9 raketasiga tenglashadi.
Mask 2025 yil avgustida eʼlon qilgan yoʻl xaritasida V4 uchun yigʻilgan holatda 142 metr, kemaning oʻzi uchun esa 61 metr koʻrsatilgan edi. Oʻshanda ilk parvozni 2027 yilda amalga oshirish rejalashtirilgan. Yangi xabarida Mask oʻlchamlar boʻyicha bahosini qayta koʻrib chiqdi, biroq ilk parvoz sanasiga aniqlik kiritmadi.
Bu bayonot Starshipʼning 15-sinov parvozidan keyin yangradi. Kema Starlink V3 yoʻldoshlarini orbitaga olib chiqdi, 14 noyabr kuni esa start minorasi orbitadan qaytgan yuqori bosqichni ilk bor tutib oldi. Oʻsha sinov davomida Super Heavy tezlatkichi suvga tushirishga yoʻnaltirildi.





