Claude Epic Games rahbari Tim Sweeneyning akkauntini blokladi
Epic Games rahbari Tim Sweeneyning aytishicha, Claude uni distillatsiyada ayblab, toʻplamlar nazariyasi boʻyicha ishini bloklagan.

Sweeney promptlar tuzish uchun Claudeʼning korporativ akkauntidan kuniga 1–2 soat foydalanganini maʼlum qildi. Akkaunti bloklanganidan soʻng u Anthropic modelini keskin tanqid qildi va kompaniyani mijozlarining ishiga sabotaj qilishda aybladi.
Anthropic avvalroq Claude filtrlari distillatsiyadan — bir neyron tarmoqni boshqasining javoblari asosida oʻqitishdan — himoya qilishini bildirgan. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, bunday tizimlar zararsiz soʻrovlarni 0,1 foizdan kam holatda bloklaydi. Sweeney dasturlash tillarini ishlab chiqish bilan shugʻullanadi, shu bois u oʻz ishida matematik toʻplamlar nazariyasidan foydalangan.





