Xitoyda Nvidia Blackwell B300 serverlari taqiqqa qaramay 3,4 mln dollargacha sotilmoqda
The Washington Post Shenchjendagi Huaqiangbei bozorida sakkizta Blackwell B300 chipli Nvidia serverlari sotilayotganini aniqladi. Narx 3,4 mln dollargacha yetadi — AQShdagidan besh-olti baravar yuqori.

Nashr Wu deb atagan sotuvchilardan biri bir necha qoʻngʻiroqdan soʻng serverni taxminan 3 mln dollarga taklif qildi. Boshqa sotuvchilar xuddi shunday sakkizta grafik protsessorli tizim uchun 3,4 mln dollargacha narx aytishdi. Nashr maʼlumotiga koʻra, AQShda shunday uskunalar taxminan 500 000–600 000 dollar turadi.
Xitoy kompaniyalari oʻz akseleratorlarini ishlab chiqaradi. Biroq Brookings Institution vakili Kayl Chaning aytishicha, hisoblash quvvatlari tanqis boʻlgan Xitoy AI bozori uchun Nvidia hamon «hal qiluvchi omil» boʻlib qolmoqda. Ilgʻor modellarni oʻqitish uchun minglab Blackwell chiplari kerak, ularni ishga tushirish vazifalarini esa energiya tejamkorroq yechimlarda bajarish mumkin.
Sotuvchi Jeyson Cheng mijozlari orasida AQSh eksport cheklovlari amal qiladigan Rossiya va Eron vakillari ham borligini aytdi. Wu kartalarni Gonkongdan olishini, ammo ularning dastlabki kelib chiqishini bilmasligini bildirdi. Maqolada Xitoy davlat muassasalarining xarid hujjatlarida taqiqlangan uskunalarga buyurtmalar borligi ham qayd etilgan. The Washington Post AQSh Moliya vazirligi va Savdo vazirligi oʻrtasidagi kelishmovchiliklar fonida nazorat samaradorligini shubha ostiga qoʻydi.





