Aniqlangan Linux NFS2ROOT zaifligi hujumchilarga root huquqini berishi mumkin
Linux NFS-serveridagi kritik CVE-2026-99362 zaifligi masofadan root huquqini olish imkonini beradi. Xavf nfsd ishlayotgan va TCP 2049-porti internetdan ochiq boʻlsa mavjud.

Zaiflikni ANSSI vakili Jeremi Jan aniqladi. OpenSec kompaniyasi zaiflikni NFS2ROOT deb atadi hamda ishlab chiquvchilarga tuzatish va root huquqini masofadan olish imkonini beruvchi ekspluatatsiya kodini yubordi. Xato 2014-yil martida chiqarilgan Linux yadrosining 3.16-versiyasidan beri mavjud.
Muammo nfsd yuklangan va ishga tushirilgan, NFS 4.1 yoki 4.2 qoʻllab-quvvatlanadigan tizimlarda 6.12.117, 6.18.61, 7.3.2 va 7.4-rc1 versiyalaridan oldingi yadrolarga taalluqli. Maxsus tuzilgan soʻrovlar heapdagi buferning toʻlib ketishiga olib keladi, yadro xotirasini oʻqish va KASLRni chetlab oʻtish, shuningdek, ulanish yopilgach root huquqlari bilan ichiga joylangan buyruqni bajarish imkonini beradi. Hujum uchun hisob qaydnomasi yoki foydalanuvchi harakati talab etilmaydi, biroq CVE-2026-99362 zaifligidan foydalanilgani haqida hozircha xabarlar yoʻq.
Administratorlarga Linux taʼminotchisi chiqargan soʻnggi yadro yangilanishlarini oʻrnatish va serverni qayta yuklash tavsiya etiladi. Ungacha 2049-portga kirishni ishonchli tarmoqlar bilan cheklash kerak; NFS zarur boʻlmasa, nfs-server xizmatini oʻchirish mumkin.





